O‘zbek YouTube olamida so‘nggi olti oy ichida Jaloliddin Ahmadaliyevning ismi eng ko‘p qidirilgan xonanda bo‘ldi. Uning 2021-yil 22-sentabrda premyera qilingan birinchi “Yor bizdan ketdi” deb nomlangan videoklipi 3 oy ichida 19 ming martadan ortiq tomosha qilindi. Xonandaning ikkinchi “Menda qolmadi dil” videoklipi esa bir oydan oshiqroq vaqt davomida 9, 5 ming marotaba tomosha qilingan.
Deyarli har hafta yangi qo‘shig‘ini premyera qilayotgan, olti oy ichida katta mashhurlikka erishgan Jaloliddin Ahmadaliyev Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumani Qirqlar deb nomlangan qishloqda yashab, ijod qiladi. “Voydod.Net” muxbiri Rauf Jaloliddin Ahmadaliyevning xonadonida mehmon bo‘lib, xonanda bilan suhbatlashdi.
“18 yoshimda Rossiyaga ketib, 21 yoshimda qaytganman”
Mahallamizdagi 18-maktabda o‘qiganman. To‘qqizinchi sinfni tugatib, kollejga kirganman. Ammo kollejda o‘qimasdan, Rossiyaga ishlashga ketdim. Sharoit sabab ketishga majbur bo‘lganmiz. Rossiyada 3 yil ishlaganman, ya’ni 18 yoshimda ketib, 21 yoshimda qaytib kelganman. U yerda akamlar bilan “moyka”da, qurilishlarda ishlaganmiz.
Bizning yurtdagi qiyinchilik qiyinchilik emas, hamma qiyinchilik musofir yurtlarda bo‘ladi. Rossiyada akamlar bilan sovuq kunlarda qiynalib qolgan kunlarimiz ko‘p bo‘lgan. Moskvada ishlaganmiz. Rossiyaga ketishimizning asosiy sababi bu yerda qo‘limizda hunarimiz bo‘lmagani uchun ketganmiz.
G‘ijduvonda kosibchilikdan Farg‘onada santexnikkacha…
O‘zbekistonga kelib, Qo‘qonda yana “moyka”da ishlaganmiz. Keyin kosib o‘rtog‘imga shogird tushib, kosibchilik qilganmiz. Buxoroda, G‘ijduvonda xususiy tadbirkorning uyida oyoq kiyim chiqarardik. G‘ijduvonning Bobur ko‘chasida ko‘p vaqt ishlaganmiz. Kosibchilikda yelim bilan ishlardik: hidi juda yomon edi, juda-juda yomon. Yelim hidi oshqozonimni qiynab qo‘ygan. Tushlikka chiqqanimda oshqozonimga ovqat kirsin, yiqilib qolmay, deb majburan ovqatlanardim. Chunki yelim hidi ishtahani yo‘qotar ekan. Oshqozonim og‘riyverganidan so‘ng santexnik bo‘lishga qaror qildim. Mahallamizda bir akamizga shogird tushib, bu kasbni ham o‘rganganman. Toshkentda Chorbog‘da ham santexnik bo‘lib ishladim. Yaqin olti oygacha shu kasb bilan shug‘ullanganman. Qayerda ishlashimdan qat’i nazar, qo‘shiq kuylashni, she’rni kuyga solish xayoli bilan yurganman.
“Yoshligimdan foydalanishgan”
Birinchi studiyada yozgan qo‘shig‘imni ancha avval 50 dollarga sotib olganman. Qo‘shiq nomi “Xumor ko‘zlaring” deb nomlangan. Qo‘shiqni sotib olganimdan so‘ng, uning haqiqiy egasini topib olganman. O‘zi u qo‘shiq muallifi boshqa odam ekan, yoshligimdan foydalanib, bu qo‘shiqni menga ham sotishgan ekan. U qo‘shig‘imni chiqarmaganman.
“Qo‘shiqlarimni turklardan to eronliklargacha sotib olmoqchi bo‘lgan”
“Yor bizdan ketdi” qo‘shig‘i mashhur bo‘lgandan so‘ng Turkiya, Ozarbayjon, Eron, Tojikiston va Qozog‘istondan ushbu qo‘shiqqa xaridorlar chiqdi. “Eh jo‘ralar” degan qo‘shig‘imizni ham sotib olishmoqchi bo‘lishdi. U vaqtda hali bu qo‘shiqlarga videoklip suratga olmagandik, “klipdan so‘ng kuylashingizga ruxsat beramiz”, dedik. Agar o‘sha vaqtda qo‘shiqlarimizni ularga sotib yuborganimizda, hamma meni ulardan o‘g‘irlagan, deb o‘ylardi.
Birinchi to‘yi, birinchi gonorari haqida
Birinchi to‘yimiz o‘zimizda, Qo‘qonda bo‘lgan. Unda ovoz kuchaytirgichga ulanadigan gitaram bo‘lmagan, oddiy gitara edi. U gitaraga qo‘lbola qilib, mikrofon ulanadigan qilganman. Ammo to‘yga olib borganimda gitarani ovoz kuchaytirgichga ulab bo‘lmagan. O‘shanda birinchi marotaba elektrogitarada, notalarda adashib, bir amallab qo‘shiq aytganman. Birinchi olgan pulim 300 ming so‘m bo‘lgan. U pul ham qistir-qistirdan tushgan. To‘ydan yaxshi pul topsa bo‘larkan-ku, degandim. Keyingi to‘yimiz Marg‘ilonda bo‘lgan. Unda ham o‘zim gitara chalib, qo‘shiq aytganman. Undan so‘ng to‘ylarimiz ko‘payib ketdi. Bir kunda yettita birrovga kirgan vaqtlarimiz bo‘lmoqda.
“O‘sha santexniklik vaqtlarimga qaytgim kelgan vaqtlar bo‘lmoqda…”
Hozirdan ba’zi bir to‘siqlarga kuchim yetmay qolyapti. Endi chiqib kelayotgan san’atkorman. Nimaki bo‘lsa, Alloh kuch-quvvat berdi, shu bilan harakat qilyapman. Oyoqqa bolta uradiganlar ko‘p bo‘lar ekan. Bunday holatlarni hayotimda endi ko‘ryapman. Shu vaqtgacha bunday odamlarni ko‘rmagan edim. Shunday vaqtlar bo‘ldiki, o‘sha santexnik vaqtimga qaytib qolgim keldi. Mendan foydalanayotgan odamlar ko‘p. Buni o‘zim bilyapman, lekin o‘zimni bilmaganga olib, ko‘z yumyapman. Kamtarligim, soddaligim o‘zimga qarshi ishlayotgan vaqtlar bo‘lmoqda.
Santexnik bo‘lib ishlaganimda bo‘yimizdan baland chuqurlarni kovlashga ham majbur bo‘lganmiz. O‘sha vaqtlarda san’atkorlarga havas qilib, xonandalar toza, ozoda yuradi, ularga maza deb o‘ylardim. Noshukrlik qilmoqchimasman, ammo xonandalikning mas’uliyati og‘ir ekan. O‘sha qiynalib santexniklik qilib yurgan vaqtimda avtobusda yurib bo‘lsa ham oilamga vaqt topa olardim. Hozir o‘zimning shaxsiy mashinam bor, ammo oilamga, ota-onamga vaqt topa olmayapman.
“Uy, mashina va’da qilgan homiylarga rad javobini berdim, chunki…”
O‘ndan ortiq insonlar homiy bo‘lish niyati bilan chiqishdi. Boshidan homiy bilan ishlash niyatim bo‘lmagan. Keyin dadam ham “O‘g‘lim, qo‘yaver, shart emas, xohlagan vaqtingda xohlagan joyingga bora olmaysan. Qarindoshingni to‘yiga ham ular ruxsat bersagina borishingga to‘g‘ri keladi”, deganlar. Bir homiy bo‘laman degan inson akam bilan gaplashgan. Akam ularga “Siz bilan ishlasak, bizga nima qilib bera olasiz”, deb savol berganlar. “Qo‘shiqlarini studiyada yozdiraman”, degan, akam “Bu ishni o‘zimiz ham qilyapmiz”, deganlar. “Kliplarini suratga oldiraman”, degan, “Buni ham o‘zimiz qilyapmiz”, deyishgan, “Uy olib beraman”, deyishgan, “Uyimiz ham bor”, deganlar akam. Xullas, homiy bilan ishlashni rad qilganmiz, xafa bo‘lishmasin, o‘zimiz qiynalib chiqishni ma’qul ko‘rganmiz.
“Fonogramma aytsam, dadam urishadilar”
Ba’zi bir joylarda kelib, og‘iz qimirlatib, ko‘rinib ketsangiz ham bo‘ladi, deyishadi. Endi to‘yda birrov ko‘rinib ketganimizga pul olamizmi? Mehnat qilib, pulimizni halollab olishimiz kerak, deb o‘ylayman. Fonogramma aytadiganlarni puli harom demoqchi emasman, ular ham mehnat qiladi, qo‘shiq yozadi, uni reklama qiladi. Lekin men jonli aytish yo‘lini tanlaganman. Keyin fonogramma aytsam, dadam ham urishadilar. “Tomog‘ing yo‘q bo‘lib qolsa ham jonli ayt”, deyishadi.
Ma’lumot uchun, Jaloliddin Ahmadaliyev 1992-yil 12-sentabr kuni Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumani Qirqlar qishlog‘ida dunyoga kelgan. Jaloliddin Ahmadaliyev “Ona, seni unutganim rost”, “Yor bizdan ketdi”, “Menda qolmadi dil”, “Tuproqdan bo‘lgansan, tuproq bo‘lasan”, “Eh jo‘ralar”, “Xavotirman”, “Dadamning soyasida” kabi qo‘shiqlari bilan mashhurlikka erishgan. Oilali, Ahmadali ismli o‘g‘li bor.